“Qachon bolasi yig‘lasa, asrimiz ota-onalari qo‘liga telefon berib, YouTube ni ochib beradi. Ba’zilar islomiy tarbiya beryapman, deb islomiy multfilm yoki nashidlar qo‘yib beradi. Islomiy tarbiya oson ekan-da! Bola hatto kipriginiyam pirpiratmay, qorni ochganiniyam unutib videolardan ko‘zini uzolmay, YouTube dunyosiga sho‘ng‘ib ketadi. Undagi jozibadorlik, rang-baranglilik bolani «zombi»ga aylantiradi”.
Soha egalarining aytishicha, ijtimoiy tarmoqdan ko‘p foydalangan odamlarda hayotdan rozilik, xursandlikni ta’minlovchi gormonlar har soniya katta miqdorda chiqaveradi. Oqibatda ularda bu garmonlar tabiiy ravishda chiqishi buzilib, depressiya, tushkunlik, baxtsizlikni juda ko‘p his qiladigan bo‘lib qoladi. Ayniqsa, bolalarda bu yanayam kuchliroq tarzda bo‘ladi.
“Unutmang, farzand o‘stirishda oson yo‘l aslo to‘g‘ri yo‘l bo‘lmaydi. Bolaga “yutub”ni ochib berib, bu bilan chalg‘itishingiz, turli kompyuter o‘yinlar olib berishingiz, ularni Coca-Cola kabi ichimliklar, shirinliklar bilan aldashingiz – bu kabi ishlarning bari sigaret yoki nasha olib berish kabi ishlar toifasidan. Hech biri sog‘lom ruhiyatga ega bolani paydo qilmaydi. Aksincha, undagi Alloh yaratgan sog‘lom fitratni bulg‘aydi, yo‘q qiladi. O‘ylab ko‘ring”, – deb yozadi ustoz Mahmud Usmon.
Darhaqiqat, hozirda yig‘layotgan bolani ovutishning eng oson va “samarali” usuli bu qo‘liga telefonni tutqazib qo‘yish, YouTube’da multfilm qo‘yib berish bo‘lib qolgan. Me’yorda foydalanish zarar qilmas, ammo kun bo‘yi telefondan boshini ko‘tarmaydigan bolalar bor va kelajakda ularning tarbiyasida muammo bo‘lmaydi deb hech kim kafolat bera olmaydi. Shunday ekan, tafakkur qilaylik, azizlar. Farzandingizga vaqt ajrata olmaganingiz uchun ularga telefon berib qutulganingizning badali og‘ir bo‘lmasidan bu vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish vaqti keldi.
