Dunyoda tilsiz xalq yo‘q, chunki tilning tirikligi millatning mavjudligiga bog‘liq. Har bir insonning ismi bo‘lganidek, har bir tilning ham nomi bor. Ona tili millat birdamligini ifodalovchi bosh timsol hamdir.
Qadimgi xitoy allomasi Konfutsiydan “Agar sizga vakolat berilsa, nimani kechiktirib bo‘lmaydigan ustuvor vazifa, deb hisoblagan bo‘lardingiz?” — deya so‘rashganida, u: “Tilni tartibga keltirish eng zaruriy vazifadir”, — deb javob bergan ekan.
Asrlar davomida sayqallanib, shakllanib kelayotgan o‘zbek tili o‘ziga xosligi bilan o‘zga xalqlar tilidan ajralib turadi. Bugun o‘zbek tili yurtimizning davlat tili sifatida davlatimiz ramzlari qatorida e’zoz va ehtiromga sazovordir. Davlat va millatning o‘ziga xosligini ifodalovchi xususiyatlari uning ramzi, tili, qadriyat va an’analari hisoblanadi. Ular orasida til alohida o‘rin egallaydi. Binobarin, til-millatning ma’naviy boyligidir.
1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Buning barobarida xalqimizning asriy orzulari ushalib, ming yillik qadriyatlarini o‘rganish va targ‘ib etish uchun keng imkoniyat yaratildi. Bugun mustaqillik bois paydo bo‘layotgan yangi tushunchalarni ifodalash uchun o‘zbek tilining o‘z ichki imkoniyatlari to‘laligicha ishga solinmoqda, xususan, yangi so‘zlar yasalmoqda. Masalan, dasturchi, ahdnoma, kafolatnoma, idoralararo, nodavlat, ma-halliylashtirish kabi.
Tildagi o‘sish va ulg‘ayishlarning xolis va birlamchi ko‘zgusi uning lug‘at boyligidir. Jamiyatdagi har qanday o’‘garishlar, eng avvalo, aynan xuddi shu boylikda o‘z aksini topadi.
Mashhur adib Tohir Malik uqtirganidek: “Til-so‘z uchun, yurak, ko‘ngil esa, shu so‘zdan lazzatlanish uchun berilgan. Shu tufayli to‘g‘ri, rost so‘zni so‘zlash uchun tilni tebratmoq kerak. Egri, yaroqsiz so‘zlarni tashqariga chiqargandan ko‘ra, tilning harakatsiz qolgani ma’qul.”
Ona tilini o‘rganish, unga bo‘lgan munosabat vatanparvarlik hisoblanadi. Kundalik muloqotda, ommaviy axborot vositalarida o‘zbekona nutq madaniyati to‘liq ifodasini topishi zarur. Tilga e’tibor faqat til bayramlaridagina emas, balki har kuni, har daqiqada davom etishi kerak.
A. Navoiy “Muhokamat ul-lug‘atayn” nomli asarida so‘zni durga qiyoslaydi, dur dengiz qa’rida bo‘lganidek, so‘zning makoni inson ko‘nglida.
Shoir shunday deydi: “So‘z durining tafoviti mundin dog‘i beg‘oyatdir va martabasi bundin ham benihoyatroqdir”. Shoir har kim aytgan so‘zi uchun mas’uliyat his etishi, so‘zlashish odobini bilishni ta’kidlab, ona tiliga e’tiborli bo‘lishga chaqiradi. Bundan tashqari, Alisher Navoiy so‘zlarning ko‘p ma’noliligiga e’tiborini qaratadi. Birgina “yig‘lamoq” so‘zining 99 ma’nodoshini qo‘llaydi. O‘zbek tilini boshqa tillardan qolishmasligini isbotlash maqsadida “Xamsa”ni turkiyda yozadi.
Mumtoz adabiyotimizda ko‘plab she’riy san’atlar mavjud, ammo tuyuq barcha she’riy san’atlar ichida alohida ahamiyatli hisoblanadi. So‘z mulkining sultoni, avliyolarning avliyosi bo‘lgan Navoiy tuyuqlardan o‘rinli foydalanadi:
Yo rab shahdu shaker yolabdurur,
Yom agar shahdu shaker yolabdurur,
Ko‘nglima payvasta novvat otgali,
G‘amza o‘qin qoshig‘a yolabdurur.
Ushbu tuyuqqa e’tibor berilsa, “yolabdurur” so‘zi uch marotaba takrorlanadi, ana shu so‘z uch xil ma’noni anglatadi. Misradagi birinchi yolabdurur so‘zi “yalamoq, yemoq” ma’nosida; ikkinchi yolabdurur so‘zi kamon o‘qini joylash ma’nosida; uchinchi yolabdurur so‘zi esa, bu shakarmi, yo labmi ma’nosida qo‘llanilgan. Ha, tilimizning imkoniyatlari haqida har qancha faxrlansak arziydi. Shuning uchun ham Alisher Navoiy so‘z qo‘llash bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi.
Asrlar o‘tib ayrim so‘zlar o‘z faolligini yo‘qotadi, nofaol zaxiradan joy oladi. Ayrimlari esa bugungi kunda ham o‘z faolligini yo‘qotmaydi. Bobur “Boburnoma”da (2002-yil, 32-bet) aka so‘zini ayollarga nisbatan qo‘llanilganini aytib o‘tgan: “Poyanda Sultonbegimni aka der edim. Gulbadanbegim onam o‘rnida okam hazratlari birligini ishlatgan. “Boburnoma” dagi ushbu so‘z alohida mavqega ega bo‘lgan ayollarga nisbatan qo‘llanganini asoslaydi. Bunday arxaik so‘zlar boshqa asarlarda ham uchraydi.
Shunday ekan, tirikligimiz, mavjudligimiz va millatimiz, shajaramiz bardavomligi, kelajagimiz asosi bo‘lgan ona tilimizni – navqiron, go‘zal, jozibali, maftunkor, betakror, boy, qudratli o‘zbek tilini qadrlash, e’zozlash, pokiza, sof saqlash har birimizning insoniy, farzandlik burchimizdir. Adabiyotshunos Ozod Sharafiddinov ta’kidlaganidek: “Tilni mensimaslik-millatni mensimaslik, vatanni mensimaslikni ko‘rsatadigan o‘ta noxush hol.”
Go‘zal Matmuratova,
shahar 15-umumta’lim maktabi
O‘zbek tili fani o‘qituvchisi.