Oxirgi yillarda mamlakatimizda bolalar va o‘smirlar futbolini tizimli rivojlantirish, yosh iqtidorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda sohaga zamonaviy infratuzilmalarni joriy etish borasidagi keng ko‘lamli islohotlar bugun o‘zining amaliy mevalarini bera boshladi. Milliy futbolimiz poydevorini mustahkamlashga qaratilgan ana shunday sermahsul sa’y-harakatlarning yaqqol samarasini qisqa muddat ichida yuksak natijalarni qayd etib, o‘z so‘zini aytishga ulgurgan OKMK futbol akademiyasi misolida ham ko‘rish mumkin. Hali akademiya maqomiga o‘tganiga ko‘p vaqt bo‘lmaganiga qaramay, mazkur dargoh tarbiyalanuvchilari mamlakat miqyosidagi nufuzli musobaqalarda yetakchilar safidan mustahkam joy egallashmoqda.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O’FA) futbol akademiyalari oʻrtasida oʻtkazilgan Oʻzbekiston chempionati OKMK uchun haqiqiy zafarli yurish boʻldi. Fevral oyidan buyon davom etib, kuni kecha yakunlangan musobaqada 2010, 2011, 2012 va 2013-yillarda tugʻilgan oʻsmirlar gʻoliblik uchun maydonga tushishdi. Har bir yosh toifasida respublikaning eng kuchli 20 ta jamoasi ishtirok etgan nufuzli birinchilikda OKMK akademiyasining barcha jamoalari misli koʻrilmagan natijalarga erishdi.
Keskin va murosasiz kechgan mamlakat chempionatining pley-off bellashuvlariga Sirdaryo va Jizzax viloyatlari mezbonlik qildi.
2013-yilda tug‘ilgan futbolchilar (U-13 toifasi): Akademiyaning eng yosh vakillari — Murod Saidgʻaniyev va Nikita Kolos murabbiyligidagi OKMK FA U-13 jamoasi ham kuchli raqobatchilar orasida o‘zlarining irodali va yuqori raqobatbardosh o‘yinlari bilan ajralib turishdi. Ular chempionatni kuchli to‘rtlikda yakunlab, umumjamoa reytingi uchun munosib hissa qo‘shishdi.
1-o‘rin: «Nasaf» FA (Qashqadaryo) U-13
2-o‘rin: «Sirdaryo» FA U-13
3-o‘rin: Toshkent viloyati FA U-13
4-o‘rin: OKMK FA U-13
2012-yilda tug‘ilgan futbolchilar (U-14 toifasi): Mazkur yosh toifasida Ruslan Gamadeyev va Behruz Jumayev boshqaruvidagi OKMK FA U-14 jamoasi turnir davomida yuksak tayyorgarlik namoyish etib, bosh sovrin sari dadil odimladi. Keskin va murosasiz kechgan final bahsida vakillarimiz «Sirdaryo» FA jamoasini minimal — 1:0 hisobida mag‘lub etgan holda O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritishdi.
1-o‘rin: OKMK FA U-14
2-o‘rin: «Sirdaryo» FA U-14
3-o‘rin: «Andijon» FA U-14
2011-yilda tug‘ilgan futbolchilar (U-15 toifasi): Ushbu yosh toifasida ham vakillarimiz sovrindorlar safidan joy olishni uddalashdi. Bronza medallari uchun kechgan o‘ta murosasiz va dramatik bahsda Shahzod Alaqulov va Sunnat Abdugʻaniyev boshchiligidagi OKMK FA U-15 jamoasi «Namangan» FA yoshlaridan 2:1 hisobida ustun kelib, musobaqaning uchinchi pog‘onasini band etdi.
1-o‘rin: «So‘g‘diyona» FA (Jizzax) U-15
2-o‘rin: «Nasaf» FA (Qashqadaryo) U-15
3-o‘rin: OKMK FA (Olmaliq) U-15
2010-yilda tug‘ilgan futbolchilar (U-16 toifasi): Akademiyaning ushbu yoshdagi tarbiyalanuvchilari ham mavsumni yuqori notada yakunlashdi. Mihael Baydashev va Otabek Sherg‘oziyev qoʻl ostidagi OKMK U-16 jamoasi final uchrashuvida Toshkent shahar FA jamoasiga qarshi maydonga tushib, taktik jihatdan mukammal o‘yin ko‘rsatdi va 1:0 hisobidagi g‘alaba evaziga oltin medallarga ega chiqdi.
1-o‘rin: OKMK FA U-16
2-o‘rin: Toshkent shahri FA U-16
3-o‘rin: Namangan FA U-16
Yakuniy natijalarga koʻra, ikkita yosh toifasida oltin va bitta yosh toifasida bronza medallarini rasmiylashtirgan OKMK futbol akademiyasi umumjamoa hisobida respublikaning mutloq yetakchisiga aylandi. Joriy mavsumda mamlakatimizdagi boshqa hech qaysi futbol maskani bunday keng qamrovli koʻrsatkichni qayd eta olgani yoʻq.
Shunday ekan, nafaqat Olmaliq shahri, balki butun Toshkent viloyati sharafini mamlakat miqyosida munosib himoya qilgan vakillarimizning ushbu tarixiy zafari akademiya rahbariyati, murabbiylar shtabi hamda tizimdagi har bir mutaxassisning toʻgʻri strategik yondashuvi va oʻzaro hamjihatligi samarasidir. Erishilgan ushbu misli koʻrilmagan muvaffaqiyatlar OKMK futbol akademiyasining mamlakatimizdagi eng yetakchi va sermahsul tarbiya maskaniga aylanib borayotganini koʻrsatish bilan birga, kelajakda milliy terma jamoalarimiz uchun munosib zaxira poydevori naqadar mustahkam ekanidan dalolat beradi.




Ali Abduahadov
OKMK professional futbol klubi media muharriri.